Maqola · 2025
MAHMUDXO‘JA BEHBUDIYNING IDIL-URAL TATAR TARAQQIYPARVARLARI BILAN ALOQALARI
Nodira Egamqulova
Annotatsiya
XIX. asr oxiri XX. asr boshlari turkiy dunyoda kechgan milliy uyg‘onish harakatlari qardosh xalqlar orasidagi aloqalarni yana-da yaqinlashtirdi. Siyosiy-ijtimoiy, madaniy, diniy hayotda kuzatilayotgan islohotlarning Turkistonga kirib kelishida turk, tatar, ozar taraqqiyparvarlarining ta’siri katta bo‘ldi. Sayohatlar, matbuot, turli syezdlar, jamiyatlar turkiy xalqlarning milliy va siyosiy birlik yo‘lidagi dasturlarini, g‘oyalarini o‘rtoqlashishiga yo‘l ochdi. Tataristondagi islohotlar birinchi galda diniy reformatsiya, islom ma’rifatchiligi g‘oyalariga qaratildi. Harakatning asosiy liderlari ham din olimlari edi. Aynan Behbudiyning Muso Begiyev hamda Rizouddin Faxriddin haqidagi maqolalari ham islom olamidagi muhtasham asarlar muallifi Abul Alo al Maarriy va “Al luzumiyot” atrofida kechgan. Behbudiy o‘zining muftiy maslakdoshlarining har bir ishini kuzatib, tahlil qilib, e’tirof etib borgan. Ushbu maqolada asosan Muso Begiyev, Rizouddin Faxriddin, Ibrohim Abdurashidov kabi tatar islohotchilari va Behbudiyning siyosiy, ma’rifiy va muharrirlik faoliyati o‘rtasidagi ta’sir va aloqalar yoritilgan. Behbudiyning “Sho‘ro” jurnalida e’lon qilingan maqolalari, jumladan, “Turkiston idorasi” nomli maqolasi tahlil qilingan. Behbudiyning noshirlik faoliyatida alohida o‘rin tutuvchi “Oyina” jurnali va uning “Mir’ot” jurnali bilan o‘xshash jihatlarga qisman to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, Behbudiy va tatar ziyolilarining davr, adabiyot, til va imlo, milliy birlik masalasidagi yakdil, shu bilan birga, farqli o‘yqarashlariga ham munosabat bildirib o‘tilgan. Mazkur masalalarni yoritishda Behbudiyning “Ulfat”, “Vaqt”, “Sho‘ro” nashrlarida e’lon qilingan maqolalari tanlab olindi.